“O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasining Mahsulotni eksport qilishga ko‘maklashish byurosi boshlig‘i ayni paytda Estoniyaning nufuzli oliygohi — Tartu universitetida malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqda. Malaka oshirish davomida u o‘z doktorlik dissertatsiyasi asosida olib borgan ilmiy tadqiqot natijalarini universitet professorlari va ilmiy xodimlari ishtirokida taqdim etdi.
Tadqiqot natijalari yetakchi professorlar tomonidan yuqori baholandi, shuningdek, dissertatsiyani xalqaro ilmiy mezonlarga muvofiq takomillashtirish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Ma’lumot uchun, 1632-yilda tashkil etilgan Tartu universiteti bugungi kunda Shimoliy va Sharqiy Yevropadagi eng qadimiy va nufuzli oliygohlardan biri sanaladi. Universitet Times Higher Education (THE) reytingida dunyoning eng yaxshi 350 ta oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatidan o‘rin olgan.
Ushbu malaka oshirish safarining o‘ziga xos jihati shundaki, u Tartu universiteti tomonidan e’lon qilingan qisqa muddatli ilmiy va tadqiqot grant dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Malaka oshirish davomida doktorlik dissertatsiyasi xalqaro ilmiy andozalar asosida shakllantirilib, uning dastlabki aprobatsiyasi o‘tkaziladi. Shu bilan birga, sohaning ilg‘or mutaxassislari bilan tajriba almashish va akademik tarmoqni kengaytirish imkoniyati yuzaga keladi.
Dastur joriy yilning 15-iyul sanasiga qadar davom etadi va mamlakatimizda ilmiy salohiyatni oshirish yo‘lidagi yana bir muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.