Ijtimoiy tarmoqlarda Piskent poligonida avtomobillarning tekshiruvi bilan bog‘liq asossiz xabarlar tarqalmoqda. Tarmoqlarga sizdirilgan videoda 2024-yilning noyabr oyidagi holat aks etgan bo‘lib, u hozirgi tekshiruvlar bilan mutlaqo bog‘liq emasligini ma’lum qilamiz. “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi jamoatchilik fikrini chalg‘itishga qaratilgan mazkur lavhani noto‘g‘ri talqin qilgan holda keng jamoatchilikka tarqatgan bloger ishiga tegishli tartibda huquqiy baho berilishini ma’lum qiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-apreldagi 237-son qarori bilan tasdiqlangan “Muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglamentining 3-ilovasi 44-bandiga asosan M1 toifadagi avtotransport vositalari elektromagnit mosligi bo‘yicha muvofiqlikni baholash ishlari 10-03-sonli BMT Qoidalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Ushbu bandda, yurtimizga kirib kelayotgan M1 toifadagi har bir dona yoki bir to‘pdagi transport vositalarini sertifikatlashtirishda, ular elektromagnit mosligi bo‘yicha sinovlardan o‘tkazilishi belgilangan.
Reglamentning 5-bandiga asosan muomalaga chiqarilayotgan transport vositalarining muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar transport vositasi turini ma’qullash hujjati (seriyali ishlab chiqarish uchun) va muvofiqlik sertifikati (yagona avtotransport vositasi uchun) hisoblanadi.
Hozirda M1 toifadagi avtotransport vositalari uchun davlat reyestrida amalda bo‘lgan 81 ta turini ma’qullash hujjati mavjud bo‘lib, shundan 10 tasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar, 71 tasi import qiluvchilar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu turini ma’qullash hujjatlari Xitoyning 44 ta, Koreyaning 18 ta, Germaniyaning 3 ta, Yaponiyaning 3 ta, Rossiyaning 2 ta, AQShning 1 ta hamda Oʻzbekistonning 17 ta turdagi M1 toifadagi transport vositalariga taalluqlidir.
Import uchun roʻyxatga olingan 71 ta turini maʼqullash hujjatlari Xitoyning “Chevrolet”, “BYD”, “Volkswagen”, “Changan”, “Chery” “Haval”, “Jetour”, “JAC”, “Jetta”, “MG”, “Soueast”, “Zeekr”, “Seres”, “Vohay”, Koreyaning “Kia” va “Hyundai” Germaniyaning “Porsche”, Yaponiyaning “Toyota” hamda AShQning “Chevrolet” brendlariga taalluqli bo‘lib, mazkur havola orqali ushbu ro‘yxat bilan yaqindan tanishishingiz mumkin.
Shuningdek, respbulikada avtotransport vositalarining chakana sotish Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari” bilan tartibga solingan.
Mazkur qoidalarda sotuvchi avtotransport vositalari uzoq muddat davomida foydalanishga moʻljalanganligi bois, ularning kafolat muddati doirasida bepul servis koʻrsatish‚ zarur boʻlgan ehtiyot qismlar bilan taʼminlash talab etilishi belgilangan.
Reglamentda avtotransport vositalari uchun belgilangan xavfsizlik talablaridan tashqari turini maʼqullash hujjatini olish uchun arizani ishlab chiqaruvchi yoki uning rasmiy vakili berishi shartligi belgilangan.
Mazkur talab Yevropa Ittifoqi hamda Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqida avtotransport vositalari turini maʼqullash uchun qoʻshimcha talablardan biri qilib belgilangan.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbariyati “Hongqi”, “Dongfeng”, “Lixiang” va boshqa ko‘plab ishlab chiqaruvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularga O‘zbekiston qonunchiligida belgilgan tartibda rasman ishlash hamda rasmiy dilerlar ochishlari takliflar bildirilgan.
Shuningdek, avtotransport vositalarini rasmiy vakilsiz olib keltirgan fuqarolar avtotransport vositasiga kafolatga ega bo‘lmaydi hamda ular o‘zlari va yaqinlarining hayotini xavfga qo‘yishi mumkin.
Bugungi kunda Piskent tumanida joylashgan elektromagnit moslashuvchanlik laboratoriyasida yuqorida ko‘rsatilgan talablar asosida sinov jarayonlari amalga oshirilmoqda.
Hurmatli fuqarolar kafolatlangan, xavfsiz va barcha sinovdan o‘tgan avtomobillarni rasmiy dilerdan xarid kilish tavsiya etiladi.
Norasmiy dilerlar, importyorlar, hamda ularning deklarantlari tomonidan odatda sizdan elektron kalit taqdim etish so‘raladi va sizning nomizga aylanma yo‘li bilan, shu jumladan, avval foydalanishda bo‘lgan avtomobillar rasmiylashtiriladi. Bundan ogoh bo‘ling, aldanib qolmang!
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan belgilangan huquqlaringiz poymon bo‘lishiga yo‘q qo‘ymang. Sizga shuni ma’lum qilamizki, “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi hamda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbariyati tomonidan avtomobil sinovlarini olib boruvchi tashkilotlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.