Bugun xalqaro sertifikatlashtirish tarmog‘i — IQNET assotsiatsiyasi tashkil etilganiga 35 yil to‘ldi! 1989-yilda European Quality Network (EQNet) nomi bilan yo‘lga qo‘yilgan ushbu tarmoq 1990-yildan boshlab IQNET deb atalishni boshlagan. Bugungi kunda u 34 ta davlatdan 36 ta a’zoni birlashtirib, 84 ta iqtisodiyot va hududlarda 365 dan ortiq ofis orqali faoliyat yuritmoqda.
“O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi (Uztest) ham IQNET’ning affillangan a’zosi sifatida ushbu yirik xalqaro hamjamiyatning bir qismidir. IQNET global miqyosda sifat, atrof-muhit, sog‘liq va xavfsizlik boshqaruvi tizimlari bo‘yicha berilgan sertifikatlarning 20% dan ortig‘ini o‘z ichiga oladi. Tarmoq a’zolari ISO standartlarini ishlab chiqish va akkreditatsiya sohasida ham faol ishtirok etib, xalqaro sifat infratuzilmasini mustahkamlashga katta hissa qo‘shmoqda.
35 yil davomida IQNET dunyo miqyosida ishonch, hamkorlik va sifat madaniyatini targ‘ib qilib kelmoqda. “UzTest” jamoasi IQNET kuni bilan uning tarkibidagi barcha a’zo tashkilotlarni va ularning xodimlarini tabriklaydi.
