O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-apreldagi “Sertifikatlashtirish tartibotlarini va sifat menejmenti tizimlarini joriy etishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 122-sonli qaroriga asosan ishlab chiqaruvchi korxonalarga qulay shart-sharoitlar yaratish, tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirishga yordam berish maqsadida Mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish Byurosi tashkil etilgan.
Mahsulotni eksport qilishga ko‘maklashish byurosi “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” DM tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar ilmiy-sinov va sertifikatlashtirish markazlarida bittadan vakilga ega.
Byuro o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining qarorlariga, shuningdek yuqorida keltirilgan qarorning Nizomga amal qiladi.
Byuroning vazifalari:
- eksportga mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarga standartlar, mahsulotni sertifikatlash, yorliqlash, o‘rash va boshqa parametrlar yuzasidan xalqaro va mamlakatlararo talablar bo‘yicha bepul maslahat xizmatlari ko‘rsatish;
- ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan eksportga mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqarishda xalqaro va mamlakatlararo standartlar talablarini joriy etish va ularga erishish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishlab chiqarilayotgan mahsulotni xorijiy bozorlarga kiritish bo‘yicha zarur axborotlar olish uchun axborot-maslahat yordami ko‘rsatish;
- standartlar, mahsulotni sertifikatlash, yorliqlash, o‘rash va boshqa parametrlar yuzasidan xalqaro va mamlakatlararo talablar bo‘yicha doimiy yangilab turiladigan ma’lumotnomani ishlab chiqish va joriy etish, keyinchalik uni Internet tarmog‘idagi saytga joylashtirish.
Byuro funksiyalari:
- eksportga mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalardan tushgan masalalarni o‘rganadi va ularga zarur axborotlar taqdim etadi;
- mahsulot eksporti masalalari bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatish yuzasidan bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi materiallarni umumlashtiradi, tayyorlaydi va agentlikka taqdim etadi;
- mahsulotlarni xorijiy bozorlarga kiritishga doir mavjud muammolarni tahlil qiladi va ularni hal etish yuzasidan agentlikka takliflar kiritadi;
- mahsulotlarni xorijiy bozorlarga kiritish bo‘yicha dasturlar va tadbirlar tayyorlashda qatnashadi;
Byuro huquqlari:
- mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalardan mahsulotlarni xorijiy bozorlarga kiritishga doir zarur axborotlarni so‘rab olish;
- Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash, o‘lchovlarning yagonaligini ta’minlash va akkreditatsiyalash sohasida xorijiy kompaniyalar va firmalar bilan o‘z vakolatlari doirasida bevosita hamkorlik qilish;
- zarurat bo‘lganda, funksiyalarini bajarish uchun tegishli mutaxassislarni jalb qilish.