"Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi" davlat muassasasi Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan mahalliy eksportyor korxonalarda xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Qonliko‘l tumanida faoliyat yuritayotgan "KANTEKS INVEST" korxonasi to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Korxonaning yillik quvvati 10 ming 800 tonnani tashkil etib, asosan ip kalava va trikotaj matolari ishlab chiqariladi. Korxona tomonidan yiliga 12 mln. AQSH dollaridan ortiq ip kalava mahsulotlari Rossiya va Turkiya davlatlariga eksport qilib kelinmoqda. Joriy yilning yanvar-sentyabr oylari davomida korxona tomonidan 8 mln. 150 ming AQSH dollari miqdorida ip kalava va trikotaj mato mahsulotlari eksport qilindi.
Hududiy filial tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordamlarnatijasida "KANTEKS INVEST" korxonasi "OEKO-TEX STANDARD 100" xalqaro standarti talablari asosida sertifikatlashtirildi. Bugungi kunda korxonaga standartlashtirish, sertifikatsiyalashtirish, mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish, sifat menejment tizimlari joriy etish hamda sohaga oid boshqa masalalar yuzasidan amaliy yordam va konsultativ xizmatlar ko‘rsatilib kelinmoqda. Kelgusida eksport geografiyasini kengaytirish maqsadida "GSP+" imtiyozlar tizimidan unumli foydalangan holda o‘z mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi davlatlariga eksportga yo‘naltirish masalasi rejalashtirilmoqda.