Yevropa Ittifoqining GSP+ preferensiyalar tizimi doirasida mamlakatimiz eksportyorlariga ulkan imkoniyatlar eshigi ochilmoqda

2021-yilda O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ umumiy preferensiyalar tizimi bo‘yicha benefitsiar mamlakat sifatida qabul qilindi. Bu 6200 turdagi mahsulotlar eksportiga bojxona imtiyozlarini taqdim qiladi. 2016-yilda Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 1,98 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 4,5 milliard dollarga yetgan.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri mamlakatni dunyoning iqtisodiy jihatdan rivojlangan davlatlari qatoriga kiritish. Har bir davlat uchun ushbu jarayonning asosiy omillaridan biri, albatta, jahon bozori uchun sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishdir. Aynan shu yo‘nalishda so‘nggi yillarda qator samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, YeI bozoriga qulay shartlarda chiqish O‘zbekiston uchun har doim dolzarb bo‘lib kelgan. 2021-yilda bu borada katta qadam tashlandi. Ya’ni O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ umumiy preferensiyalar tizimi bo‘yicha benefitsiar mamlakat sifatida qabul qilindi.
GSP+ nima?
GSP+ dasturi Yevropa Ittifoqi bozorlariga rivojlanayotgan mamlakatlardan kelayotgan qishloq xo‘jaligi mollari va boshqa ayrim mahsulotlar eksportiga berilgan imtiyozlardir. Dasturga to‘liq a’zo bo‘lgan davlat Yevropa Ittifoqi bozorlariga 3000ga yaqin mahsulotlarni bojxona to‘lovlarisiz, 3200 turdagi mahsulotlarni esa pasaytirilgan stavkalar bo‘yicha eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
GSP+ tizimiga qo‘shilish O‘zbekistonga katta imtiyozlar beradi. Nega deganda, ushbu tizim doirasida bojxona to‘siqlari, tariflari va boshqa to‘lovlarni kamaytirish nazarda tutiladi.
Yevropa bozori juda katta. Bu yerda 500 mlndan ziyod aholi istiqomat qiladi. Shu bois O‘zbekistonning GSP+’ga qo‘shilishi o‘zbek kompaniyalarining bu bozorga kirib kelishiga va o‘z mahsulotini sotishiga imkon berdi. 
YeI dunyodagi eng katta bozorlardan biri hisoblanadi. Jumladan, Yevropaning to‘qimachilik sanoatida bozor hajmi 98 milliard dollarni, charm-poyabzal sanoatida 24 milliard dollarni, qishloq xo‘jaligi sanoatida 24 milliard dollarni tashkil etadi.
Ikki barobar o‘sish
Agar 2016 yilda Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 1,98 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich ikki barobardan ko‘proqqa o‘sdi va 4,5 milliard dollarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, GSP+ oddiy savdo vositasidan ko‘ra muhimroq. Tizimga qo‘shilayotganda mamlakatlar inson va mehnat huquqlariga, atrof-muhit va iqlim muhofazasi va sifatli boshqaruvga oid 27 asosiy xalqaro konvensiyalarini samarali amalga oshirish majburiyatini oladi.
Umumiy tashqi savdoning o‘sishi
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda O‘zbekiston tomonidan amalga oshiriladigan tovar va xizmatlar eksporti yalpi ichki mahsulotning 15 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 31 foizga yetgan. 2017-2022 yillarda respublikaning jami eksporti 95 milliard dollardan ortiqni tashkil etdi, shundan 2022 yilda 19 milliard dollardan ortiq mahsulot eksport qilindi, bu 2016 yilga nisbatan 60 foizga ko‘pdir.
So‘nggi yillarda respublikada eksportni rag‘batlantirish, importni optimallashtirish va umuman, muvozanatli tashqi savdoni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2023 yilning yanvar-sentabr oylarida mamlakat tashqi savdo aylanmasi 44,7 milliard dollarni tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,1 foizga o‘sdi.
“Made in Uzbekistan” brendi ostidagi mahsulotlar jahon bozorida tobora keng tarqalmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston dunyoning 204 ta mamlakati bilan savdo aloqalarini olib bormoqda. Tashqi savdo aylanmasining eng katta hajmi Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Turkiya, Koreya, Qirg‘iziston va Germaniya bilan qayd etilgan.