O‘zbekiston – Germaniya: Muvofiqlikni baholash va metrologiya sohasida hamkorlikning yangi imkoniyatlari

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida Germaniyaning TÜV SÜD muvofiqlikni baholash idorasi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda SЕ markirovka, GS markirovka, mahsulotlarning xalqaro va yevropa talablari (EN, DIN, ISO, ASME, ASTM, AD 2000, IEC)ga muvofiqligini baholash, metrologiya, sifat menejment tizimlarini sertifikatlashtirish, malakali kadrlar tayyorlash sohasida tajriba almashishda hamkorlik munosabatlari muhokama qilindi.

Uchrashuvda TÜV SÜD ekspertlari tomonidan O‘zbekistonda iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, biznesga keng yo‘l ochish, yangi-yangi bozorlarga kirish maqsadida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayoni jadallashayotgani, islohot doirasida investorlar bilan ishlashning yaxlit tizimi joriy etilayotganligi qayd etildi. Nemis tomoni O‘zbekistonda muqobil energetika, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, elektr texnikasi, mashinasozlik tarmoqlarida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar sinovi va sertifikatlashtirish, metrologiya jarayonlarida faol ishtirok etishga tayyorgarligini ma’lum qildi.