Xalqaro eʼtirof etilgan korxonada OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi

Oʻzbekistonga investitsiya loyihalarini jalb etish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari sifatini oshirishga qaratilgan saʼy harakatlar bugungi kunda oʻz samarasini bermoqda. Xalqaro standartlarning ishlab chiqarish korxonalarida joriy etilishi esa tashqi bozorda milliy mahsulotlarga boʻlgan talabning yanada ortishiga bevosita xizmat qilmoqda.

Joriy yilda Rossiya Federatsiyasi Moskva shahrida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Iqtisodiy kengashining 93-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda 2021-yilgi Hamdo‘stlik tanlovi laureatlari va diplom g‘oliblari unvonlarini berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Quvonarli jihati shundaki, mustaqil davlatlar mukofoti, mahsulot va xizmatlar sifati sohasidagi yutuqlari uchun O‘zbekiston Respublikasidan laureat unvoni “INDORAMA KOKAND TEKSTIL” xorijiy korxonasiga topshirildi. Oʻz navbatida ushbu yutuqning asl sababi sifatida standartlar bilan uzviy ravishda faoliyat olib borishga eʼtibor qaratildi.

Fargʻona viloyati Qoʻqon shahridagi toʻqimachilik mahsulotlarini tayyorlash hamda eksportga yoʻnaltirishda yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblangan mazkur korxonada standartlashtirish sohasida "Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi" davlat muassasasi tomonidan koʻrsatilgan amaliy yordamlar natijasida xalqaro "OEKO-TEX" standarti joriy etilgan hamda mahsulotlar ayni davrda muvoqlik sertifikatiga ega.

Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda "Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi" davlat muassasasi" Matbuot xizmati tashabbusi bilan tashkil etilgan press-turda ommaviy axborot vositalari vakillari “INDORAMA KOKAND TEKSTIL” korxonasiga tashrif buyurdi.

"Tashqi bozor va xalqaro talabalarga javob beradigan standartlar asosidagi mahsulotlar sifati OAV nigohida" mavzusidagi tadbir jurnalistlarga korxona faoliyati, mahsulotlar sifati hamda hududiy filial tomonidan koʻrsatilayotgan soha xizmatlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratdi.

Bundan tashqari, ilgʻor tajribalar, ilmiy-innovatsion yutuqlardan foydalangan holda yangi quvvatlar va loyihalarning ishga tushirilishi, ularning mahsulotlarini esa eng soʻnggi texnologiyalar bilan jihozlangan sinov laboratoriyalarida sifati nazoratdan oʻtkazib borilishi tashrif buyuruvchilarda oʻzgacha taassurot uygʻotdi.