Guliston davlat universiteti talabalari ilmiy-sinov jarayonlari bilan tanishdi

Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida joylashgan Guliston Davlat Universiteti bilan samarali hamkorlik ishlari olib borilmoqda. Ushbu hamkorlik doirasida GulDUning “Yengil sanoat” yo‘nalishi II bosqich talabalari "Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi" davlat muassasasi Sirdaryo filialining sinov laboratoriya majmuasida tashkil etilgan maxsus ekskursiyada ishtirok etdi.

Mazkur tashrif davomida talabalar laboratoriyaning texnik jihozlari, o‘tkaziladigan sinov turlari va mahsulot sifatini baholash jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Talabalarga mutaxassislar tomonidan laboratoriyada qo‘llaniladigan zamonaviy uskunalar va ularning ishlash prinsiplari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, ularga sifat nazorati va sinov jarayonlarining ahamiyati hamda ushbu sohada qo‘llaniladigan xalqaro standartlar haqida tushuntirishlar berildi.

Bunday tashriflar talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash va kelajakda kasbiy malakalarini oshirishga xizmat qiladi. Guliston Davlat Universiteti va “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” oʻrtasidagi hamkorlik bu kabi amaliy o‘quv jarayonlarini muntazam ravishda davom ettirishni ko‘zda tutmoqda.